HOMILADOR VA EMIZIKLI AYOLLAR QANDAY OZIQLANISHLARI LOZIM?

Share

homilador va emizikli ayollar oziqlanishiHomiladorlikda va emizikli paytda to’g’ri oziqlanish juda muhim. To’g’ri oziqlanish homiladorlikda paydo bo’lishi mumkin bo’lgan sog’liq muammolarining oldini olishda katta yordam beradi, shuningdek bo’lajak farzandning ulg’aygan paytida ba’zi kasalliklarga, masalan, diabet, insult, yurak kasalliklari, buyrak muammolari, xotira pasayishi kabilarga chalinishi ehtimolini keskin kamaytiradi.

Quyida Veston Prays tashkiloti tomonidan homiladorlar va emizikli onalar uchun berilgan tavsiyalar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Homiladorlik va emizikli ayollar nimalar iste’mol qilishlari tavsiya qilinadi?

1. Iste’mol qilinuvchi sut mahsulotlari faqat sifatli manbadan olinishi muhim.

Sut beruvchi hayvonlar asosan yashillik bilan boqilishiga ahamiyat bering. Sifatli manba deganda qaysi omillar nazarda tutilishini bilish uchun ushbu maqolani ko’rib chiqishingiz mumkin: “Sut va sut mahsulotlarini qanday tanlash kerak?”

Kuniga 2-4 stakan sifatli yog’li sut yoki 50-100 gr sifatli xom pishloq iste’mol qilinishi tavsiya qilinadi. Bu miqdor ichiga qatiq, uy yogurti (rafinadlangan shakarsiz), kefir kabilar ham kiradi.

Sifatli sut topilmasa, o’rniga boshqa mahsulotlar (ivitilgan bodom suti, kokos suti kabilar) tanlanadi. Pasterizatsiya qilingan fabrika sutlari sifatli manba hisoblanmaydi.

2. Sog’lom hayvon jigaridan haftada 1-2 marta o’rtacha 100gr miqdorda iste’mol qiling.

Yaylovda boqiladigan, asosan yashillik yeydigan hayvon jigari odatda sog’lom bo’ladi. Tor joyda tunu kun yashaydigan, sun’iy yemlar bilan boqiladigan hayvonlar kasal bo’lishi ehtimoli juda katta.

Jigar filtr vazifasini bajaradi, lekin o’zida toksinlarni ushlab turmaydi. Toksinlar yog’ qatlamlarida va asab tizimida saqlanishi mumkin, lekin jigarda emas. Sog’lom muhitda boqiluvchi hayvon jigari va boshqa organlari foydali mikroelementlarga juda boy bo’ladi.

Jigardagi foydali moddalar:  A, D, E, K, B12 vitaminlari, folat, foydali minerallar (asosan mis va temir), Omega-3.

3. Suyak sho’rvasidan har kuni 1 stakandan yoki ko’proq iste’mol qiling.

Suyak sho’rva deganda hayvon suyaklarining 8-72 soat qaynatilgani tushiniladi. Bunday sho’rva sovuq joyda gellanib idish shaklini oladi, isitilganda yana suyuq holga keladi.

Suyak sho’rvaning organizmga quyidagi foydalari mavjud: tish va suyaklarni mustahkam qiladi, immunitetni ko’taradi, teri va sochni go’zallashtiradi, ichaklarni sog’lomlashtiradi, bo’g’imlardagi og’riqlarni kamaytiradi, yallig’lanishlarni tuzatadi, uyquni yaxshilaydi. Tabiiyki suyak sho’rvasi yangi shakllanayotgan chaqaloq uchun ham juda foydali hisoblanadi.

Haftada bir marta suyak sho’rva tayyorlab, 1 haftaga yetarli qilib shisha idishlarga quying (1/3 qismigacha to’ldiring). 1-2 kunlikni olib qo’yib, qolganini muzlating. Kerak bo’lganida bir kun oldin kechasi muzxonadan chiqarib, sovutgichga qo’ying va ertasi kuni turli ovqatlarga suyuqlik o’rnida qo’shib pishiring yoki o’zini iliq holatda iching.

Suyak sho’rvasidagi foydali moddalar: kaltsiy, magniy, fosfor, jelatin, glyukozamin, xondroitin, kremniy, oltingugurt, boshqa foydali mikroelementlar.

4.Baliq jigari yog’idan har kuni 1 choy qoshiq iste’mol qiling, fermentlangan baliq jigari yog’ini iste’mol qilsangiz kuniga 1/2 choy qoshiq kifoya.

Minimal qayta ishlangan, sun’iy vitaminlar qo’shilmagan va o’z tabiiy vitaminlariga ega mahsulotni tanlang. Odatda baliq jigari yog’ini qayta ishlah natijasida tabiiy vitaminlar parchalanib yo’q bo’ladi, ularning o’rnini to’ldirish uchun esa sun’iy vitaminlar qo’shiladi. Mahsulot minimal qayta ishlansa tabiiy vitaminlar saqlanib  qoladi va sun’iy vitaminlar qo’shishga hojat qolmaydi.

Baliq jigari yog’i Omega-3, vitaminlardan A va D3 larga juda ham boy bo’lib, umumiy miya faoliyati, tish, suyak, umumiy organizm uchun nihoyatda foydalidir.

Baliq jigari yog’i Omega-3ga nihoyatda boy bolgani sababli, ovqatlanish tarzingizda albatta boshqa Omega-6 ga boy mahsulotlar ham bo’lishi juda muhim: tuxum sarig’i, jigar, go’sht va boshqalar. Aks holda balans buzilishi va ba’zi sog’liq muammolari paydo bo’lishi mumkin.

Ahamiyat bering, baliq yog’i va baliq jigari yog’i bir hil narsa emas. Baliq yog’i iste’moli tavsiya qilinmaydi. 

5. Folatga boy ozuqalarni muntazam iste’mol qiling.

Aslida foliy kislotasi degan tabiiy modda yo’q, u folatning o’rnini bosishga mo’ljallangan sintetik analogdir. Folatga boy ozuqalar  doim iste’mol qilinsa, sintetik foliy kislotasi iste’moliga hojat qolmaydi.

Folatga boy ozuqalar quyidagilardir: jigar, tuxum, yasmiq, loviya, marjumak (grechka), avokado, malna, yong’oqlar, brokkoli, ismaloq, yashil salat, no’hat, gulkaram, lavlagi, seldir, sabzi, qovoq, qizil pomidor, bul’gor qalampiri va boshqalar.

6. Uy tovug’i tuximidan kuniga 2ta yoki ko’proq iste’mol qiling.   Qo’shimcha tuxum sarig’idan ta’bga ko’ra bir nechta (smuzilarda yoki boshqa retseptlarda).

Tuxumning eng foydali qismi bu tuxum sarig’idir. Tuxumdagi ba’zi foydali moddalar: to’yingan yog’lar, foydali xolesterin, Omega-3 yog’lari, vitamin A, vitamin E, xolin.

7. Kokos yog’i – kuniga 2 osh qoshiq. Smuzilarga yoki ovqatlarga solib iste’mol qiling.

Kokos yog’ini 177 C gacha isitsa bo’ladi, bu degani kokos yog’ini issiq ovqat qilishda yoki qovurishda ishlatilsa zarar qilmaydi. Kokos yog’i antibakterial hususiyatlarga ega, miya faoliyatini yaxshilaydi, yurak kasalliklaridan himoya qiladi, teri va sochni sog’lomlashtiradi. Kokos yog’ini bolalar kremi, yuz kremi, tana kremlari o’rniga bezarar va tabiiy vosita sifatida ham ishlatsa bo’ladi.

Kokos yog’ida katta miqdorda mavjud bo’lgan laurik kislota bachadon va bachadondagi chaqaloqning immun tizimini kuchli qilib, ona sutining tarkibini yaxshilaydi.

8. Yog’li baliq (losos) va dengiz mahsulotlari haftada 1-3 marta.

9. Saryog’ – kuniga 2 osh qoshiq. 

Deyarli doim yashillik va giyohlar iste’mol qiluvchi,  don mahsulotlari minimal yoki umuman berilmaydigan hayvonlar suti yog’i (saryog’i) sariq rangda bo’ladi (oq bo’lmaydi) va foydali mikroelementlarga juda ham boy bo’ladi.

Sariq saryog’dagi ba’zi foydali moddalar: laurik kislota, A, D, E, K, K2 vitaminlari, foydali xolesterin, linoleik kislota, selen, letsitin, kaltsiy, yod, kaliy, balanslashgan miqdorda Omega-3 va Omega-6 yog’lari.

10. Fermentlangan mahsulotlar – har kuni. 

Fermentlangan mahsulotlar ichak mikroflorasini sog’lomlashtiradi va organizmni foydali vitaminlarga to’yintiradi. Ichaklar salomatligi umumiy salomatlik uchun juda muhim. Sog’lom ichaklar homiladorlikning yengil o’tishida eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Ichaklardagi mikroflora umumiy immunitet tizimining 70%i uchun javob beradi. 

Fermentlangan mahsulotlar deganda lakto-bakteriyalar tomonidan qayta ishlangan mahsulotlar tushiniladi. Masalan, qatiq, kefir, tuzlangan karam (квашеная капуста), koreyscha kimchi, fermentlangan sabzavotlar va boshqalar.

11. Oldindan ivitilib, fermentlanib yoki undirilib, keyin pishirilgan donlar va donli mahsulotlar.

Donli mahsulotlarni oldindan ivitib, keyin pishirish juda muhim. Don-dunlar uzoq saqlanishi sabablaridan biri bu ularning tarkibidagi fitin kislotasidir. Iste’moldan oldin fitin kislotasini parchalash kerak. Aks holda don-dundagi vitamin va minerallar o’zlashishi sust bo’ladi, eng yomoni, ularning hazmi uchun organizm o’z rezervidagi vitamin va minerallarni sarflashga majbur bo’ladi. Natijada vitamin va minerallar tanqisligi ro’y beradi.

12. Yangi sabzavot va mevalar, ayniqsa to’q yashil sabzavotlar – har kuni.

O’z mavsumida pishgan, dorilanmagan sabzavot va mevalar tanlaganingiz ma’qul.

Mevadan ko’ra sabzavotlarni ko’proq iste’mol qilishga ahamiyat bering. Ba’zan faqat meva yeyilib, sabzavotlar iste’moli kam bo’ladi. Bunday qilish to’g’ri emas. Faqat shirin mevalar yeb yurilsa, organizmda balans buzilishi ehtimoli paydo bo’ladi.

QUYIDAGI MAHSULOTLARNI ISTE’MOLINGIZDAN BUTUNLAY CHIQARISHINGIZ QATTIQ TAVSIYA QILINADI:

  • Trans yog’lar: margarin, gidrogenlashtirilgan yog’lar;
  • Fastfud, qayta ishlangan qadoqlangan mahsulotlar (masalan, qadoqlangan tayyor nonushta);
  • Tijoriy qovurilgan ozuqalar (uyda havfsiz yog’lar bilan yengil qovurish istisno);
  • Shakar va barcha shakar o’rnini bosuvchi sun’iy shira beruvchilar;
  • Oq un va oq un mahsulotlari;
  • Noto’g’ri tayyorlangan (ivitilmagan yoki fermentlanmagan) donli mahsulotlar;
  • Gazli ichimliklar;
  • Qadoqlangan meva suvlari;
  • Rafinadlangan yog’lar;
  • Sifatsiz sut mahsulotlari (ultra-pasterizatsiya, gomogenizatsiya qilingan va sifatsiz manbadan olingan sutlar);
  • Kafein;
  • Spirtli ichimliklar;
  • Tamaki chekish;
  • Dorilar, narkotiklar.

Homiladorlikda emizikli payt har kuni iste’mol qilinishi lozim bo’lgan kerakli moddalar va amal qilinishi tavsiya qilingan muhim tavsiyalar bilan ushbu maqolada tanishib chiqishingiz mumkin: HOMILADOR AYOLLAR UCHUN KUNDALIK MUHIM TAVSIYALAR

Facebooktwitterredditpinterestlinkedinmail

One Comment:

  1. Qanday to’liq, foydali maqola. Katta rahmat!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *