Quyida 6-8 oylik bolalar uchun ozuqaviy qiymati bo’yicha ozuqa turlari keltiriladi.
Iloji boricha asosan I va II kategoriyalardagi mahsulotlarni 6-8 oylik bolaga tayyorlab bergan yaxshi. III kategoriya ham yomon emas. IV kategoriyada sanab o’tilgan mahsulotlarni esa bolaga bermagan ma’qul.
Qo’shimcha ma’lumot uchun usbu maqolani tavsiya qilamiz: “CHAQALOQNING ONA SUTIDAN KEYINGI ILK OZUQASI QANDAY BO’LISHI LOZIM?“
I. OZUQAGA ENG BOY SUPER MAHSULOTLAR:
- Suyak sho’rvasida 8 daqiqa pishirilgan va shu sho’rvasi bilan birga pyure qilingan jigar;
- Yumshoq pishirilgan (suyuqroq) uy tuxumi sarig’i;
- Yaylovda erkin boqilgan hayvon suyagi iligi;
- Suyak sho’rvasi;
- Fermentlangan baliq jigari yog’i.
Eslatmalar:
- Baliq jigari yog’i va baliq yog’i bir hil narsa emas. Baliq jigari yo’gi ham minimal qayta ishlangan va o’z tabiiy vitaminlarini saqlab qolgan bo’lishi kerak. Sotuvdagi juda ko’p shu kabi mahsulotlar qayta ishlash jarayonida o’z tabiiy vitaminlarini yo’qotadi va o’rniga sintetik vitamin qo’shiladi. Shu sababli harid manbasiga alohida e’tibor berish kerak.
- Suyak sho’rvasi deganda yaylovda boqiladigan hayvon suyaklarining 8-72 soat past olovda qaynatilgani tushiniladi. Bunday sho’rva sovuq holatda gelga aylanadi, isitilganida yana suyuq holatga keladi.
- 1 yoshgacha bo’lgan bolaga tuxum sarig’ini suyuqroq qilib pishirib berilganida yaxshi hazm bo’ladi. Bunda tuxum tabiiy ozuqalanadigan, geni o’zgartirilgan yem berilmaydigan uy tovug’i tuxumidan bo’lishi maqsadga muvofiq.
- Jigar ham yaylovda tabiiy ravishda boqiladigan hayvondan bo’lishi maqsadga muvofiq.
II. OZUQAGA BOY MAHSULOTLAR
- Dorisiz yetishtirilgan avokado;
- Suyak sho’rvasida pishirilgan sabzavotlar;
- Dorisiz yetishtirilgan, pos’ti olingan, parda yoki suvda past haroratda biroz pishirilgan va pyure qilingan mevalar biroz foydali yog’ bilan birga beriladi.
- Dorisiz yetishtirilgan banan.
- Tabiiy muhitda va tabiiy yem bilan boqilgan (organik yoki bio) do’kon tuxumi sarig’ining suyuqroq qilib pishirilgani;
- Yaylovda boqilgan hayvon go’shtlari.
Eslatmalar:
- Mevalarni parda yoki suvda biroz pishirishdan maqsad meva kislotalari 1 yoshgacha bo’lgan bolaning oshqozoniga ta’sir qilmasligi uchundir. Parda pishirilgan meva va sabzavotlar vitaminlarning juda katta qismini saqlab qoladi. Masalan, 5 daqiqa parda pishirilgan brokkoli 100% vitaminlarini saqlab qoladi. Pishgan mevalarni biroz foydali yog’ (masalan, sariq saryog’) bilan iste’mol qilish mevalardagi ozuqaviy moddalarning oson o’zlashishiga yordam beradi.
- Yaylovda boqilgan hayvon go’shtlarini suyak sho’rvada pishirish va biroz o’sha sho’rvasi bilan birga (blenderda) pyure qilib berish tavsiya qilinadi.
III. ISTE’MOL QILINISHI MUMKIN BO’LGAN MAHSULOTLAR
- Dorilarsiz o’stirilgan mahsulotlardan (“organik” yoki “bio”) tayyorlangan sotuvdagi qadoqlangan bolalar ovqatlari (shisha idishda va qo’shimcha moddalarsiz).
- Dorilangan yoki dorilanmagani aniq bo’lmagan avokado.
- Dorilangan yoki dorilanmagani aniq bo’lmagan banan.
- Dorilangan yoki dorilanmagani aniq bo’lmagan sabzavotlar (yuvilib, suyak sho’rvasida pishiriladi).
- Boqilgan muhiti no’malum bo’lgan hayvon suyagi sho’rvasi.
Eslatmalar:
- Odatda avokado va bananlarni dorisiz o’stirish qiyin emas, shu sababli dori ishlatilsa ham juda ko’p ishlatilmaydi.
- Sabzavotlar suyak sho’rvasida pishirilsa, suyak sho’rvasi tarkibidagi ba’zi moddalar sabzavotlarda mavjud bo’lishi mumkin bo’lgan ba’zi toksinlarni neytrallashtiradi.
- Suyak sho’rvasi tayyorlashda sog’lom muhitda boqilgan hayvon tanlangani albatta yaxshiroq va foydaliroq, ammo buning imkoni bo’lmasa oddiy sotuvdagi hayvon suyaklarini ishlatsa bo’ladi. Bunday holda qo’y suyaklari va go’shti tanlangani ma’qulroq.
IV. BOLAGA BERISH TAVSIYA QILINMAYDIGAN MAHSULOTLAR:
- Pechenyelar (bolalarga va chaqaloqlar tishlashi uchun mo’ljallangan sotuvdagi pechenyelar ham).
- Guruchli bo’tqalar (kashalar) va sotuvdagi tayyor guruchli bo’tqalar.
- Jigarrang guruchli bo’tqalar va sotuvdagi tayyor jigarrang guruchli bo’tqalar.
- Suli va boshqa donlar va ulardan tayyorlangan bo’tqalar.
- Soya va tarkibida soya mavjud bo’lgan mahsulotlar.
- Dori bilan o’stirilgan (“organik” yoki “bio” bo’lmagan) mahsulotlardan tayyorlangan qadoqlangan sotuvdagi bolalar ovqatlari.
- Meva suvlari (“organik” bo’lsa ham).
Eslatmalar:
- Chaqaloqlar don mahsulolarini hazm qilishga tayyor emas. Bola tahminan 3 yoshlarigacha don mahsulotlarini yaxshi hazm qila olmaydi. Bunga sabab 1 yoshgacha bo’lgan bola organizmida don mahsulotlari hazmi uchun kerakli enzimlarni ishlab chiqarilmasligidir. Don mahsulotlaridagi fitin kislotasi esa organizmda umumiy mineral tanqisligini yuzaga keltiradi.
- Yangi siqilgan meva suvlari foydali, ammo meva suvidagi ba’zi kislotalar 1 yoshgacha bo’lgan bola hazm tizimiga tasir qilishi mumkin. Kanada Sog’liqni Saqlash Tashkiloti 1 yoshgacha bo’lgan bolalarga meva suvlarini tavsiya qilmaydi. Buyuk Britaniya Sog’liqni Saqlash Tashkiloti 6 oydan oshgan bolalarga meva suvi beriladigan bo’lsa, 10 baravar ko’p suv bilan aralashtirib berishni tavsiya qiladi.
- Sotuvdagi meva suvlari esa mutlaqo tavsiya qilinmaydi. Sababi yangi siqilgan meva va sabzavot suvlari 1 kunda iste’mol qilinishi lozim, aks holda ulardagi tabiiy enzimlar va vitaminlar parchalanadi.
Maqola manbasi sifatida doktor, uzoq yillik malakali pediatr, “Healing the Whole Child” bolalar shifoxonasi asoschisi va tabiiy davolash yondashuvida ish ko’ruvchi mutahassis Katerin Erlichning “Bolalar uchun super ozuqalar” kitobidan foydalanildi.