UY SHAROITIDA KEFIR TAYYORLASH

Share

Kefir fermentlangan sut mahsuloti hisoblanadi. Uning mazasi biroz qatiqnikiga o’xshab ketadi, ammo sezilarli farqi bor. Qatiqdan tarkibiy farqi shuki, kefirda probiotik (foydali bakteriya) turlari va miqdori qatiqnikidan bir necha barobar ko’p. Kefirda katta miqdorda vitamin B12, kaltsiy, magniy, vitamin K2, biotin, folat va enzimlar ham mavjud.

Kefirning organizmga ijobiy ta’sirlari: 

  • Immunitetni ko’taradi.
  • Ichaklarni tozalaydi.
  • Tanani vitamin, mineral, oqsil, foydali bakteriyalar bilan boyitadi.
  • Depressiya, uyqu muammolari, asab muammolari, allergiya, astma, giperaktivlik, doimiy charchash, gerpes, spid, saraton kabi sog’liq muammolarida ham ijobiy yordam berishi kuzatilgan.
  • Kefirni doim iste’mol qilish oshqozon-ichak muammolaridan halos qilishi, ich qotishining oldini olishi, hazm tiziminining yaxshi ishlashiga yordam beradi.
  • Kefir iste’moli nosog’lom taomlarni yeyish kuchli istagini ham kesadi.

Kefirning organizmga ijobiy ta’sirlari haqida batafsil bu yerda o’qing: KEFIR VA UNING ORGANIZMGA IJOBIY TA’SIRLARI

Quyida uy sharoitida kefir tayorlash usuli bosqichma-bosqich tushintiriladi.

Kefir qanday tayyorlanadi?

1. Bizga sut va kefir donlari kerak bo’ladi. Bunday donlarni kefir tayyorlaydigan tanishlaringizdan olishingiz yoki onlayn tarmoqlardan harid qilishingiz mumkin. Kefir donlari ko’rinishidan gulkaramga o’xshab ketadi (rasmda ko’rsatilgan). Sut yangi sog’ilgan, yashil o’t bilan oziqlanadigan sigir suti bo’lgani yaxshi. Bunday sut topilmasa, pasterizatsiya qilingan sifatli sut tanlang. Ultra-pasterizatsiya va ultra-gomogenizatsiya qilingan sut tavsiya qilinmaydi. Kefirga ishlatish uchun sutning yog’ini olib tashlash kefir donlarining yog’ bilan qoplanishining oldini oladi, lekin bunday qilish shart emas. Sut yog’i (qaymoq) tayyor suzib olingan kefirga solinsa, kefir juda mazali bo’ladi. Sut haqida bafatsil: SUT VA SUT MAHSULOTLARINI QANDAY TANLASH KERAK?

2. Kefir donlari bilan ishlaganda metal uskunalardan foydalanmang. Shisha, keramika, yog’och, neylon asbob va idishlardan foydalansangiz bo’ladi. Misol sifatida, shisha yoki keramik idish, yog’och yoki sifatli plastik qoshiq, neylon suzgich ishlatsangiz bo’ladi. Ba’zi manbalarga ko’ra, po’lat ham ishlatilsa bo’ladi, ammo ehtiyot yuzasidan ishlatmagan yaxshi. Kefir qilishda alyumin, xrom va boshqa reaktiv metallardan yasalgan idish va uskunalardan foydalanish umuman mumkin emas.

Kefir tayyorlashda ishlatiluvchi uskunalar

Kefir tayyorlashda ishlatiluvchi uskunalar

3. Kefir donlari shisha yoki keramik idishga solinadi. Ustidan sovuq yoki iliq sut quyiladi. Issiq sut quyish mumkin emas, sutni isitish ham shart emas. Xom qaynatilmagan sut yoki qaynatib sovutilgan sut ishlatilsa bo’ladi. Xom qaynatilmagan sut ishlatish yaxshiroq hisoblanadi.

Sovuq klimatda kefir donlari va sut proportsiyasi 1:7-1:15, iliq klimatda bu proportsiya 1:20-1:60 bo’lishi lozim. Masalan, 1:20 degani, 1 osh qoshiq kefir donlariga 20 osh qoshiq sut qo’shiladi degani.

Boshlanishiga 1 osh qoshiq kefir donlari ustidan 1 stakan sut quyib, kefir tayyorlasangiz bo’ladi. Keyinchalik miqdorga qaramaysiz, kefirni tatib ko’rib yoki ko’rinishidan tayyor bo’lganini bilib olaverasiz. Donlar ko’p va sut kam bo’lsa, kefir juda tez tayyor bo’ladi. Sut ko’p, donlar kamroq bo’lsa, kefir sekinroq tayyor bo’ladi.

Chap tomondagi kefir suzib olinishga tayyor. O’ng tomondagi kefir esa vaqtida suzib olinmagani sababli ko’proq fermentlangan va zardoblari ajralib qolgan. Kefir vaqtida suzib olinmasa, mazasi juda nordon bo’lib, suzib olish ham biroz qiyin bo’ladi.

Chap tomondagi kefir suzib olinishga tayyor. O’ng tomondagi kefir esa vaqtida suzib olinmagani sababli ko’proq fermentlangan va zardoblari ajralib qolgan. Kefir vaqtida suzib olinmasa, mazasi juda nordon bo’lib, suzib olish ham biroz qiyin bo’ladi.

4. Kefir donlari ustidan sut quyilgach, xona haroratida 24-48 soatga qoldiriladi. Kefir nafas olib turishi muhim, shu sababli idish qopqog’ini havo o’tkazadigan qilib yopish kerak. Qopqoq tagidan 4 qavat doka qo’yib yopsa ham bo’ladi. Fermentlanish jarayoni uzoqligi xona harorati, sut va kefir donlari miqdoriga bog’liq. Kefir donlari ko’p va sut kam bo’lsa, kefir juda tez fermentlanishi mumkin (4-5 soat).

Kefir

Kefir

KEFIR DONLARINI QANDAY SAQLASH KERAK?

Kefir donlari tirik organizmlardir. Ularni doim sut bilan “boqib” turish kerak, vaqt o’tgan sari ular ko’payib boraveradi. Ko’paygach, boshqalar bilan bo’lishsa bo’ladi. Tanaffus qilish muhim bo’lsa, donlar ustiga sut quyilib, sovutgichga eng ko’pi bilan 1 haftaga qo’yiladi. Bir hafta o’tgach, suzilib, sut yana yangilanadi. Kefirni uzoq vaqt sovutgichda saqlash donlar aktivligi va sifatini pasaytirishi mumkin. Xona haroratida har 1-2-3 kunda suzib olinadi va sut yangilanadi.

Kefir bilan ishlaganda uskunalar va qo’llar toza bo’lishi muhim, aks holda ular kasallanib nobud bo’lishi yoki sifati o’zgarishi mumkin. Shunda ham ularni o’ldirish, sifatini buzish oson emas. Shu sababli ortiqcha havotir olmang, ammo e’tiborsiz ham bo’lmang. Iloji boricha suzgich va qoshiq kefir suzish uchun alohida ajratilib, boshqa narsalar uchun ishlatilmasligi kerak.

Donlarning shilimshiqroq bo’lishi tabiiy holat.

Kefir – universal mahsulot. Undan sabzavotlarni fermentlash, pishirish, hamir oshirish, don-dun ivitishda samarali foydalansa bo’ladi. Kefirga turli meva va ko’katlar solib foydali kokteyllar tayyorlasangiz ham bo’ladi.

Yoqimli ishtaha!

goat-milk-smoothie

Facebooktwittergoogle_plusredditpinterestlinkedinmail

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *